Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Bolalar huquqlarini ta’minlash – jamiyatning ma’naviy qiyofasini ko‘rsatadi

27 Noyabr 2025, 12:11

40

Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Surayyo Rahmonova IIV akademiyasida ta’lim olayotgan magistratura tinglovchilari bilan muloqot qildi.

Uchrashuvda sohaga oid milliy qonunchilik, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda davlat organlarining asosiy vazifalari, bolalarga nisbatan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish choralari xususida so‘z bordi.

Surayyo Rahmonova mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, keyingi yillarda amaliyotga joriy qilingan ilg‘or tajriba va mexanizmlar, bu o‘rinda Bolalar ombudsmani institutining faoliyatiga to‘xtaldi. Sohaga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari qatorida e’tibor qaratilayotgani kelajak avlodlarni sog‘lom va barkamol voyaga yetkazishda mustahkam poydevor bo‘layotgani aytildi.

Muloqot davomida ichki ishlar organlarining bola huquqlarini ta’minlashdagi o‘rni, bolalarga nisbatan sodir etilayotgan tazyiq va zo‘ravonliklarga barham berish, jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, voyaga yetmaganlar nazoratsizligi va huquqbuzarligining barvaqt oldini olish, bu borada yechimini kutayotgan ayrim masalalari yuzasidan fikr almashilib, tinglovchilarga tavsiyalar berildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech