Xalqaro nogironlarni himoya qilish kuni munosabati bilan poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internatida sport musobaqasi o‘tkazildi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasining Jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan musobaqada yuz nafardan ortiq o‘quvchi qatnashdi. Ishtirokchilar dzyudo, yugurish, uzunlikka sakrash va shashka bahslari bo‘yicha kuch sinashdilar.
Musobaqa reglamentiga ko‘ra, sovrindorlar o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida aniqlandi. Jumladan, dzyudo bahslarida Asadbek Husanov (55 kg), Nurdaulet Umrzovoq (+55 kg), Sevinch Hikmatova faxrli birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 60 metr masofaga yugurish bellashuvida Sherzod Mingboyev va Elnora Rahimjonovaga teng keladigan raqib topilmadi. Uzunlikka sakrash bo‘yicha g‘oliblik Mirabbos Mirjamolov va Nigora Yoqubjonovaga, shashka bahslarida esa Sirojiddin Jabborov hamda Oydin Musaraliyevaga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida maktab-internat direktori Rustam Safarov, IIV Akademiyasining Tarbiyaviy ishlarni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i, mayor Farhod Toshtemirov va boshqalar so‘z olib, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarning ta’lim olishi hamda jamiyatga moslashuviga ko‘maklashish maqsadida yaratilayotgan shart-sharoitlarni e’tirof etib o‘tishdi.
Musobaqa ishtirokchilari medal, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek Xalqaro nogironlarni himoya qilish kuni munosabati bilan bir guruh o‘quvchi yoshlarga IIV Akademiyasining esdalik tuhfalari topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati