19-iyul kuni Bangladesh Xalq Respublikasi Qurolli Kuchlari Milliy mudofaa admirali Moxammad Moyenul Haqu boshchiligidagi delegatsiya hamda Bangladesh Xalq Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi va konsullik vakolatxonasi vakillari Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab Bangladesh Xalq Respublikasi Qurolli Kuchlari Milliy mudofaa admirali Moxammad Moyenul Haqu va Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida ikki davlat munosabatlarining ustuvor jihatlariga eʼtibor qaratildi.
Akademiya boshlig‘i martabali mehmonni qutlar ekan, mamlakatimizda so‘nggi yillarda barcha sohalar singari ichki ishlar organlarida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligi, ayniqsa tizim uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda mutlaqo yangi mexanizmlar joriy etilib, kadrlar tayyorlash sifati yuksalib borayotganini alohida taʼkidladi.
Admiral Moxammad Moyenul Haqu samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, yurtimizdagi o‘zgarishlar va yangilanishlarni yuksak baholab, ulkan islohotlar o‘zining ijobiy samarasini berayotganini taʼkidladi.
Shundan so‘ng mehmonlar Ichki ishlar vazirligi akademiyasida amalga oshirilayotgan yangilanishlar bilan tanishdilar. Milliy meʼmorchilik anʼanalari asosida qad rostlagan Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, o‘tmish va zamon nafasi ufurib turgan Akademiya tarixi muzeyi mehmonlarda yuqori taassurot qoldirdi. Delegatsiya vakillariga taʼlim dargohining tarixi va rivojlanish davrlari, so‘nggi yillarda bilim maskani hayotida ro‘y bergan ulkan o‘zgarishlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Admiral Moxammad Moyenul Haqu muzeyning faxriy mehmonlar kitobiga samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.
Nazariya va amaliyot uyg‘unligini taʼminlash, interfaol metod va yangiliklarni ommalashtirish zamonaviy taʼlimning o‘ziga xos xususiyatlari sanaladi. Delegatsiya vakillari sayyor sinfxona hamda kriminalistik ekspertizalarni o‘tkazish uchun maxsus jihozlangan avtobuslarni ko‘zdan kechirishdi. Kursantlarning jinoyat sodir bo‘lgan joyda amaliyot xodimlari ishtirokida kasbiy ko‘nikmalarini oshirib borishlari yo‘lga qo‘yilganligi xorijiy hamkorlarimizda katta qiziqish uyg‘otdi. Akademiyaning Jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasida shaxsiy tarkibning sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar mehmonlar tomonidan alohida eʼtirof etildi.
Bangladesh delegatsiyasi aʼzolari Axborot-resurs markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirilib, “Buyuk sohibqiron Amir Temur” hamda “Turon qoploni Jaloliddin Manguberdi” sinfxonalari kursantlar qalbida milliy ruh, ona Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuyg‘ularini yana kuchaytirish, buyuk ajdodlarimizdan faxrlanish hissini yuksaltirish, yoshlarning mardlik, jasurlik va fidoyilik fazilatlarini shakllantirish maqsadida barpo etilgani ularning yuksak eʼtiroflariga sazovor bo‘ldi.
Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbarining qarorlari asosida ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash maqsadida taʼlim jarayonida yo‘lga qo‘yilgan yangi mexanizmlar taqdimot tarzida namoyish etildi.
Shuning bilan Bangladesh Xalq Respublikasi Qurolli Kuchlari Milliy mudofaa admirali Moxammad Moyenul Haqu rahbarligidagi delegatsiya aʼzolarining IIV Akademiyasiga amalga oshirgan tashrifi nihoyasiga yetdi.
IIV Akademiyasining Axborot xizmati