Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Aybga iqrorlik instituti: istiqbol va muammolar

24 Noyabr 2021, 06:11

1730

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjuman “Aybga iqrorlik bo‘yicha kelishuv institutini qo‘llash amaliyoti” mavzusiga bag‘ishlandi.

 Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi, Yashnabod tumani prokuraturasi va Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasidan vakillar, shuningdek IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, magistratura tinglovchilari hamda kunduzgi ta’lim bakalavriati kursantlari ishtirok etdi.  

Bugun jahon amaliyotida aybga iqrorlik instituti keng qo‘llanib kelinmoqda. Mamlakatimiz sud-huquq tizimidagi izchil islohotlar natijasida O‘zbekiston qonunchiligida ham mazkur institut joriy qilindi. Mutaxassislarning fikricha, aybga iqrorlik institutining o‘ziga xos samarali jihatlari borki, bu o‘zaro ziddiyatda bo‘lgan tomonlar munosabatlarining tez orada yumshashi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining aybiga iqrorlik bildirishga tayyorligi, jazoni o‘tay boshlashi, sudlov va ayblov organlarining vaqt va mablag‘lari tejalishi hamda ayblov organlari o‘z vaqtini og‘ir jinoyatlarni ochishga qaratishi va sudlarda jinoyat ishlarini ko‘rilishining kamayishida namoyon bo‘ladi. 

Ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilari qonunchiligimizni yanada takomillashtirishga qaratilgan islohotlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalarini milliy amaliyotga samarali joriy etishga xizmat qilayotganini e’tirof etdilar. 

Ta’kidlanganidek, aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvning bosh maqsadi – davlat ayblovchisining ayblanuvchini sodir etgan jinoyati yuzasidan iqrorligi asosida sudda yengilroq jazo tayinlanishiga erishish, shu bilan birga, ko‘plab sansalorliklarga sabab bo‘ladigan uzoq davom etuvchi sud jarayonlarini qisqartirishdir. Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv, jinoyat ishini yuritishni o‘ziga nisbatan qo‘yilgan gumonga, ayblovga rozi bo‘lgan shaxs va prokuror bilan tuziladi. Bunda gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi jinoyatning ochilishiga faol ko‘maklashgan va keltirilgan zararni bartaraf etgan bo‘lishi lozim.Bunday kelishuvlar ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlar bo‘yicha tuziladi.

Anjumanda qonunchilikdan o‘rin olgan ushbu institutning afzalliklari, uni qo‘llash borasida amaliyotdagi mavjud muammolar, ularning yechimlari hamda sohani takomillashtirish istiqbollari yuzasidan taklif va tavsiyalar o‘rtaga tashlandi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech