Bugun Tojikiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganiga 33 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan IIV akademiyasida ta’lim olayotgan tojikistonlik kursantlar uchun tadbir tashkil qilindi.
Har bir millat, xalq o‘z tarixi, milliy an’ana va qadriyatlari, davlat ramzlari bilan faxrlanadi. Tojikiston Respublikasi ham 1992-yil 24-noyabrda davlat bayrog‘ini qabul qilgan edi. Ushbu sana har yili milliy birlik, mustaqillik va hurlik timsoli sifatida tantana qilinadi.
Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti vakillari, professor-o‘qituvchilar va kursantlar ishtirok etgan tadbirda davlat ramzlarining yuksak ahamiyati e’tirof etildi. Kursant yoshlar so‘z olib, Vatan bayrog‘iga bo‘lgan cheksiz mehr va muhabbatlarini dil so‘zlari, she’rlar orqali ta’riflab berdilar.
– Milliy g‘urur, vatanparvarlik, mardlik, qasamyodga sodiqlik singari fazilatlar davlat bayrog‘i, unda aks etgan ulug‘vor g‘oyalar orqali qalbga kirib boradi. Shu bois, millat bayrog‘i barchamizni yagona maqsad yo‘lida birlashtiruvchi, so‘nggi tomchi qonimiz qolguncha ona yurt himoyasi uchun kurashga da’vat etuvchi beqiyos qudratga ega, – dedi 2-bosqich kursanti Umed Mahmudzoda.
Tadbir davomida o‘zbek va tojik xalqlariga xos mushtarak qadriyatlar, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, mamlakatlarimiz farovonligi yo‘lida qilinayotgan ezga say’-harakatlar haqida iliq mulohazalar aytildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati