Yangi o‘quv yili munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i magistratura tinglovchilari bilan uchrashdi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda magistraturaning bir yillik faoliyati, amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar va joriy o‘quv yilidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Bugun jamiyat hayotining barcha jabhalarida inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangilanishlar davri ichki ishlar organlari faoliyatini xalq manfaatlariga xizmat qiladigan samarali mexanizmlar asosida tashkil etishni taqozo etmoqda. Tizim samaradorligini oshirish esa kadrlar, ayniqsa rahbar kadrlarning salohiyatiga bog‘liq.
Akademiya boshlig‘i davlatimiz rahbarining qarori bilan 2021/2022-o‘quv yilida tashkil etilgan magistratura faoliyatiga to‘xtalar ekan, ta’lim jarayonida yangi yondashuvlar tatbiq qilinganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
– Tinglovchilar bir yil mobaynida zamonaviy talablar asosida ta’lim oldilar, – dedi R. Xatamov. – Rahbar kadrlarni tayyorlashda ilgari mavjud bo‘lmagan mutlaqo yangi mexanizmlarga, xususan, modulli o‘qitish, mashg‘ulotlarga davlat hokimiyati va boshqaruv organlari vakillarini keng jalb etish, xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish, tinglovchilarning rahbarlik va boshqaruvchanlik fazilatlarini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ochiq muloqotda erishilgan yutuqlar bilan birga, ta’lim jarayonida yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar ham aytib o‘tildi. Shunga ko‘ra, joriy o‘quv yilida o‘qitishning yangi mexanizmlari joriy qilinishi, professor-o‘qituvchilar va tinglovchilarga yuqori talablar qo‘yilishi, xizmat intizomi va qonunchilikka qat’iy e’tibor qaratilishi qayd etildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati