Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

XITOY JAMOAT XAVFSIZLIGI UNIVERSITETI VAKILLARIGA SERTIFIKATLAR TOPSHIRILDI

07 Oktyabr 2024, 05:10

812

IIV akademiyasida Xitoy Jamoat xavfsizligi universiteti talabalari uchun tashkil qilingan o‘quv kursi yakunlandi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov hamda Jamoat xavfsizligi universiteti professori Li Szin boshchiligidagi talabalar ishtirok etdi.

Aytish joizki, ikki tomonlama hamkorlik memorandumi doirasida tashkil qilingan mazkur o‘quv kursi o‘zaro tajriba almashinuvini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Dasturga binoan, akademiyaning tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan turli mavzularga bag‘ishlangan interfaol mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Talabalar Ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmatlari, shuningdek, Toshkent shahar IIBB, Samarqand viloyati IIB va Toshkent viloyati IIBBda bo‘lib, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash faoliyatidagi ilg‘or yondashuvlar, ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishdilar.

Bundan tashqari, mehmonlarni yurtimizning boy tarixi va turizm salohiyati bilan tanishtirish maqsadida poytaxtimiz hamda Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar, turli madaniy tadbirlar va sport musobaqalari tashkil qilindi.

Tadbirda akademiya boshlig‘i so‘z olib, o‘quv kurslari O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasidagi ko‘p asrlik rishtalar va bugungi kunda yangi zamon ruhi bilan jadal rivojlanib borayotgan munosabatlarning amaliy ifodasi bo‘lganini alohida ta’kidladi. O‘z navbatida, Jamoat xavfsizligi universiteti delegatsiyasi rahbari Li Szin O‘zbekistonga tashrif taassurotlarga boy o‘tganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi.

“Biz nafaqat tajriba almashdik, balki xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalar ko‘p asrlardan buyon mushtarak bog‘langaniga amin bo‘ldik. Akademiya faoliyati bilan taninish asnosida ta’limning innovatsion yondashuvlari keng joriy qilingani, kursantlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratilganiga guvoh bo‘ldim. Talabalarimiz ulkan salohiyatga ega professor-o‘qituvchilardan ta’lim olishdi. Buning uchun universitetimiz nomidan akademiya rahbariyatiga alohida minnatdorlik bildirmoqchiman. Ishonchim komilki, ta’lim muassasalarimiz o‘rtasidagi hamkorlik va do‘stlik aloqalari yanada ravnaq topadi”, - dedi u.

Tadbir so‘nggida universitet vakillariga sertifikatlar topshirildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech