Poytaxtimizning Olmazor tumanida o‘tkazilgan ommaviy marafonda harbiy oliy ta’lim muassasalari kursantlari, talaba yoshlar va keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdi.
Jamoat xavfsizligi universiteti tashabbusi bilan “Ajdodlar matonati va jasorati – avlodlar uchun namunadir!” shiori ostida tashkil etilgan tadbir Toshkent tibbiyot akademiyasidan start oldi.
Ishtirokchilar “Beltepa”, “Shifokorlar”, “Qamarniso”, “Talabalar”, “Universitet” ko‘chalari bo‘ylab 5300 metr masofani bosib o‘tdilar. Finish nuqtasi – Toshkent davlat texnika universitetida musobaqa qatnashchilari munosib kutib olindi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlaridan Akmal Salayev va Zilola Toshpo‘latova marra chizig‘ini birinchi, Nafosat Sobirova ikkinchi, Sayyora Yuldasheva uchinchi bo‘lib kesib o‘tib, o‘z tengdoshlari orasida faxrli o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.
Taqdirlash marosimida davlatimiz rahbarining besh muhim tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan sport tadbirlari yoshlarni sog‘lom va barkamol qilib voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati