IIV akademiyasi 2025/2026 o‘quv yili uchun magistraturaning “tashkiliy-strategik boshqaruv”, “tashkiliy-taktik boshqaruv” hamda “ilmiy-pedagogik faoliyat” mutaxassisliklari bo‘yicha qabul e’lon qiladi.
“Tashkiliy-strategik boshqaruv” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish istagidagi nomzodlar bakalavr darajasi yoki diplomli mutaxassis malakasi hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq “tashkiliy-taktik boshqaruv” mutaxassisligi diplomiga tenglashtirilgan (muqaddam faoliyat ko‘rsatgan magistratura, Oliy akademik kurslar yoki Rahbar kadrlarni tayyorlash fakultetini tamomlagan) diplom, shuningdek, “podpolkovnik” maxsus unvoniga ega bo‘lishi lozim.
“Tashkiliy-strategik boshqaruv” mutaxassisligiga oxirgi bir yil davomida quyidagi lavozimlardan birini egallab kelayotgan nomzodlarning hujjatlari qabul qilinadi:
IIV markaziy apparati hamda vazirlikka bevosita bo‘ysunuvchi tarkibiy tuzilmalar bo‘yicha – bo‘lim boshlig‘i, unga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimdagi xodimlar;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBBlari, viloyatlar IIBlari apparatlari bo‘yicha – boshqarma boshlig‘i, unga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimdagi xodimlar;
tuman, shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari, ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) bo‘yicha – ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari, ichki ishlar boshqarmasi (bo‘limi) boshliqlari;
Jazoni ijro etish muassasalari boshliqlari.
“Tashkiliy-taktik boshqaruv” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish istagidagi nomzodlar bakalavr darajasi yoki diplomli mutaxassis malakasi, shuningdek, “mayor” maxsus unvoniga ega bo‘lishi kerak.
“Tashkiliy-taktik boshqaruv” mutaxassisligiga oxirgi bir yil davomida quyidagi lavozimlardan birini egallab kelayotgan nomzodlarning hujjatlari qabul qilinadi:
IIV markaziy apparati va vazirlikka bevosita bo‘ysunuvchi tarkibiy tuzilmalar bo‘yicha – bosh mutaxassis, muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektor, yetakchi yuriskonsult, bosh ekspert, o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchi (tezkor vakil), bosh inspektor, ularga tenglashtirilgan va ulardan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimdagi xodimlar;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBBlari, viloyatlar IIBlari apparatlari bo‘yicha – bo‘linma boshlig‘i, unga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimdagi xodimlar;
tuman, shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari va ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) bo‘yicha – tuman, shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari va ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) boshlig‘i o‘rinbosarlari lavozimidagi xodimlar;
jazoni ijro etish muassasalari bo‘yicha – bo‘lim boshlig‘i, unga tenglashtirilgan va undan yuqori bo‘lgan boshqa lavozimdagi xodimlar.
“Ilmiy-pedagogik faoliyat” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish istagidagi nomzodlar tayanch oliy yuridik ma’lumot, shuningdek, kamida ikki yillik amaliy xizmat stajiga ega bo‘lishi shart.
IIV akademiyasining bakalavriat ta’lim yo‘nalishini imtiyozli diplom bilan tamomlagan va kamida ikki yillik amaliy xizmat stajiga ega bo‘lgan xodimlar magistraturaning “ilmiy-pedagogik faoliyat” mutaxassisligiga tanlovlarsiz o‘qishga qabul qilinadi.
Shuningdek, kunduzgi ta’limda o‘qish davrida “Ichki ishlar vazirligining Jaloliddin Manguberdi nomidagi stipendiati” yoki “Ichki ishlar vaziri stipendiati” faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan va bakalavriatni imtiyozli diplom bilan tamomlagan bitiruvchilar “ilmiy-pedagogik faoliyat” mutaxassisligiga amaliy xizmat stajiga ega bo‘lmagan holda tanlovlarsiz qabul qilinadi.
Magistraturada o‘qish istagidagi nomzodlarning hujjatlari elektron tartibda qabul qilinadi. Bunda nomzod magistr.akadmvd.uz manziliga zarur ma’lumotlarni kiritadi va IIV akademiyasi boshlig‘i nomiga yozilgan bildirgining imzolangan elektron nusxasini ushbu manzilga yuboradi. Bildirgi qabul qilingandan so‘ng qabul komissiyasi tomonidan nomzodga bildirishnoma yuboriladi.
Magistraturaga o‘qishga qabul qilish nomzodlar uchun teng huquqlilik, qabulning yagona qoidalari va tanlov prinsiplari asosida quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:
1) hujjatlarni to‘plash va o‘rganish;
2) maxsus kasbiy tanlov (yozma ish hamda nomzodlarning kompetensiyalarini diagnostika qilish);
3) yakuniy suhbat.
Nomzodlarning hujjatlari 2025-yilning 1-aprelidan 1-iyuniga qadar qabul qilinadi.
Ma’lumot uchun: IIV Moliya va moddiy-texnika ta’minoti departamenti, Idoraviy hamkorlik bosh boshqarmasi, Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi, Xalqaro hamkorlik boshqarmasi Tibbiyot boshqarmasi, Harbiy-safarbarlik boshqarmasi, Axborot xizmati, Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi, Nazorat-taftish inspeksiyasi, axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘linmalari xodimlari ichki ishlar organlarining rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi uchun magistraturaning “tashkiliy-taktik boshqaruv” va “tashkiliy-strategik boshqaruv” mutaxassisliklarida o‘qishi talab etilmaydi.
Qabul komissiyasi