Zabardast olim Ozod Sharafiddinov adabiyot olamida o‘z fikri, haqqoniy so‘zi va e’tiqodiga ega inson edi. Umr bo‘yi xalqimizning ma’naviy yuksalishi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan adib haqli ravishda adabiyot muxlislari ko‘nglidan joy oldi.
Uning yorqin xotirasiga bag‘ishlangan ma’rifiy kechada adabiyotshunos olimlar, madaniyat arboblari, Ozod Sharofiddinovning shogirdlari va oila a’zolari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda o‘zbek adabiyoti tarixida Ozod Sharofiddinov hayoti va ijodining o‘rni haqida so‘z bordi. E’tirof etilganidek, atoqli publitsist va munaqqid ijodiy faoliyatida adabiyotni totalitar mafkura ta’siridan xalos etish, milliy adabiyotimizni rivojlantirish, adabiy tanqid masalalari yuqori o‘rin egallaydi. Uning qalamiga mansub bir qancha asar va risolalar hali hayotlik chog‘idayoq adabiyotshunoslikda katta shuhrat qozondi. Xususan, “Ijodni anglash baxti” kitobida u o‘zbek adabiyotining jahon adabiy jarayonida tutgan o‘rnini tadqiq qilgan bo‘lsa, “Cho‘lpon” risolasida ma’rifatparvar shoir merosini xalqimizga aslicha qaytarish, uning yorqin siymosiga xolisona baho berishni o‘zining ma’naviy burchi deb bildin.
Ozod Sharofiddinov zamondoshlari va kelgusi avlodlar uchun ibrat bo‘la oladigan yo‘lni bosib o‘tdi. Butun hayotini yoshlar ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlab, yangi iste’dodlarni kashf qilishga o‘zining ulkan hissasini qo‘shdi. Hatto, hayotining so‘nggi kunlari og‘ir xastalikka chalinganiga qaramay, xalqimizga farzandlik mehri bilan xizmat qilishdan to‘xtamadi. Uning ona Vatanimiz oldidagi zalvorli mehnatlari davlatimizning “Mehnat shuhrati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari hamda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
Adabiy kechada adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev, taniqli aktyor Matyoqub Matchonov va Ozod Sharofiddinovning oila a’zolari so‘zga chiqdilar. Uning hayoti va serqirra faoliyatiga bag‘ishlab O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan suratga olingan hujjatli film namoyish etildi.
Jamshid XOLOV,
kapitan.