Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

O‘ZBEKISTON VA TOJIKISTON IIV AKADEMIYALARI HAMKORLIKNI YO‘LGA QO‘YDI

29 Dekabr 2021, 10:12

2107

Joriy yilning 23-dekabr kuni Tojikiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘quv dargohining o‘ttiz yilligi nishonlandi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi vakillari ham ishtirok etishdi.

Tashrif doirasida ikki mamlakat ta’lim muassasalari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar hamkorlik aloqalarining bugungi holati va strategik yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

– So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarildi, – dedi Tojikiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘i, militsiya general-mayori Fayzali Sharifzoda. – Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida aloqalarimiz barcha sohalarda jadal rivojlanib bormoqda. Bugungi uchrashuv istiqboldagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘i tojikistonlik hamkasbini samimiy qutlab, uchrashuvning ahamiyatini alohida qayd etdi.

– Xalqlarimizni tarix sinovidan o‘tgan mustahkam qardoshlik va ahil qo‘shnichilik rishtalari bog‘lab turibdi. Hamkorlik munosabatlari yangi sur’at va bosqichda rivojlanayotganini alohida e’tirof etish joiz. Biz ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik, zamonaviy xavf-xatarlarning oldini olish, va ta’lim sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdormiz,  – dedi Rustam Xatamov. 

Samimiy ruhdagi muloqotdan so‘ng ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Tomonlar kelishuvda nazarda tutilgan muhim masalalarni atroflicha muhokama qilib, istiqboldagi vazifalarni belgilab oldilar. Hamkorlikning amaliy samarasi ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shu kuni delegatsiyamiz a’zolari Tojikiston Respublikasi IIV Akademiyasining faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘quv dargohi tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etdilar.

Kunning ikkinchi yarmida Tojikiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, militsiya general-polkovnigi Ramazon Rahimzoda O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘i R. Xatamov, Belarus Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘i A.  Vasilyev va Tojikiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘i F. Sharifzodani qabul qildi. Uchrashuvda hozirgi murakkab sharoitda mintaqa davlatlari tinchligi va barqarorligiga tahdid solayotgan xavf-xatarlarning oldini olish, jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashishda hamkorlikni kengaytirish, ta’lim sohasida faol tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmat

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech