Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi mahallalarda aholi uchun xavfsiz muhit yaratish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
“Zarqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inida IIV akademiyasi mas’ullari, “yettilik” tizimi vakillari hamda ishchi guruh a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda mahallaning kriminogen vaziyati atroflicha muhokama qilindi.
Aytish joizki, mahalladagi 22 ta ko‘p qavatli uyda 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. O‘tgan yili 24 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, shundan 19 tasini oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar tashkil qilgan.
O‘rganishlar davomida mahalla hududida 7 ta “jinoyat o‘chog‘i” aniqlangan. Kriminogen omillarni bartaraf etish maqsadida 16 ta taklif va tavsiya ishlab chiqilib, birinchi chorak uchun mo‘ljallangan “yo‘l xarita”ga kiritilgan.
Xavfsizlik choralarini ko‘chaytirish uchun hududlar 3 tashvish tugmasi, 7 ta zamonaviy kamera bilan ta’minlandi. Qo‘shimcha patrullik yo‘nalishi tashkil qilinib, jamoat xavfsizligini muntazam nazorat qilish yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, mahallaning ko‘rkiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan joylar obodonlashtirilib, yorug‘ligi ta’minlanmagan ko‘chalarga tungi chiroqlar o‘rnatildi.
Bundan tashqari, aholi ishtirokida 2 marotaba jinoyat muhokamasi, 5 marotaba sayyor qabullar tashkil qilindi. Bildirilgan murojaatlar asosida 60 ga muammoli masalalar joyida hal qilindi. Fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan uchrashuvlarda 300 dan ziyod targ‘ibot matriallari tarqatildi.
Bugungi kunda har bir xonadonga manzilli borilib, oilalardagi muammolar o‘rganilmoqda. Aniqlangan “xavf guruhi”dagi shaxslar va ijtimoiy profilaktika obyektlari bilan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilish davomida mahalla hayoti bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Bildirilgan takliflar asosida jinoyatchillika sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan omillarga barham berish, aholi bilan muntazam muloqot qilish orqali yechimini kutayotgan masalalarni o‘z vaqtida hal qilish, kriminogen xavfi yuqori hududlarga qo‘shimcha kuch-vochitalarni yo‘naltirish, “mahalla yettiligi”ning faoliyatini yanada kuchaytirish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati