Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Zamonaviy dunyoda kiberxavfsizlik: muammolar, tahdidlar va himoya usullari

30 Noyabr 2024, 06:11

116

IIV akademiyasida SHHT Xalq diplomatiyasi markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan davra suhbati ushbu dolzarb mavzuga bag‘ishlandi.

Tadbir avvalida akademiya rahbari Rustam Xatamov va SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov so‘z olib, axborot asrida yuzaga kelayotgan muammolarga to‘xtaldi. Xususan, bugungi globallashuv davrida axborot texnologiyalari imkoniyatlarining kengayib borayotgani, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, kiberxavfsizlikni ta’minlash masalalari dunyo hamjamiyatini jiddiy tashvishga solayotgani ta’kidlandi.

“Mamlakatimiz miqyosida bu turdagi jinoyatlarni tahlil qilganimizda, ularning aksariyati jabrlanuvchilarning o‘z harakatlari va ehtiyotsizligi oqibatida sodir etilgani ma’lum bo‘lmoqda. Shu bois, axborot xurujlaridan himoyalanishda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda kibergigienani shakllantirishga alohida e’tibor qaratish lozim”, - dedi akademiya boshlig‘i.

SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Q. Sobirovning ta’kidlashicha, kiberjinoyatlar transchegaraviy xususiyati bilan global xarakterga ega. Bugungi kunda SHHT doirasida xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash va kiber makondagi xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shunday bo‘lsa-da, kibertahdidlar bilan bog‘liq salbiy tendensiyalar bu borada kompleks yondashuvlarni taqozo etmoqda.

Manfaatdor idoralar vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda atroflicha fikr almashildi. “Kiberjinoyatchilik va kiberterrorizm tahdidlariga qarshi kurashishning bugungi holati”, “Kibermakonda xavfsizlikni ta’minlash muammolari”, “Raqamli xalqaro munosabatlar asrida kiberdiplomatiya va kiberxavfsizlik”, “Axborot xavfsizligini ta’minlashda sun’iy intellektdan foydalanish”, “Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash istiqbollari” mavzuida ma’ruzalar tinglandi. Bir qator amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi.

Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi hamda IIV akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanib, tomonlar manfaatli yo‘nalishlarda tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech