Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kelajak maqsadlari sari ruhlantirish, hayotda munosib o‘rin egallashi uchun to‘g‘ri yo‘naltirish ularning istiqbolini belgilaydi.
IIV akademiyasida ta’lim olayotgan magistratura tinglovchilari va kursantlar qizlar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv ana shu maqsadni ko‘zlagani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayoti, ayniqsa ichki ishlar organlari tizimidagi o‘rni, sohada xizmat qilayotgan matonatli va fidoyi xodimalar, ular zimmasidagi mas’uliyatli vazifalar, kursant qizlarni turmushga tayyorlashda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan jihatlar, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirishda qizlarni kasb-hunarga yo‘naltirishning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Magistratura tinglovchilari so‘z olib, ko‘p yillik amaliy tajribalari misolida ichki ishlar organlari yosh xodimlaridan talab etiladigan kasbiy fazilatlar, xizmat mashaqqatlarini yengish usullari haqida tavsiyalar berib o‘tishdi. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbir davomida yosh avlod vakillari kelgusi faoliyatlari uchun kerakli bo‘lgan motivotsion maslahatlar oldilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati