Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Yunusobod tumanidagi mahallalar o‘rganildi

3 Iyul 2026, 22:29

142

Bugungi kunda mahalla hayotiga daxldor masalalar ustuvor vazifaga aylangan. Chunki aholini rozi qilishga qaratilgan islohotlar samarasi, eng avvalo, mahallalarda bo‘y ko‘rsatadi.

Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan qarorida ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish orqali jinoyatchilikni keskin kamaytirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi murojaatlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish borasida qator dolzarb vazifalar belgilab berilgan edi.

Mazkur qarorga binoan poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi “Bog‘ishamol”, “Minor”, “Qashqar”, “Buyuk Turon” mahallalari Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga biriktirilgan bo‘lib, ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘tgan 6 oy mobaynida tizimli ishlar amalga oshirildi.

Xususan, mahallalarda keyingi uch yil mobaynida sodir etilgan 233 ta jinoyatning asl omillari ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida o‘rganildi. Kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan 30 ga yaqin “jinoyat o‘chog‘i”, 14 ta ovloq joy aniqlandi. Hududlardagi muammolarni bartaraf etish maqsadida “yo‘l xarita”larga 100 dan ortiq taklif va tavsiyalar kiritilib, ijroga qaratildi.

Shu asosda joylarga 112 ta zamonaviy kamera, 81 ta “SOS” tashvish tugmasi o‘rnatilib, 316 ta obyektning texnik qo‘riqlovga olinishi ta’minlandi. 2 mingdan ziyod xonadon, 20 ga yaqin nizoli oila o‘rganilib, 191 nafar ijtimoiy profilaktika ob’ekti “mahalla yettiligi”ga biriktirildi. Mahallalarda 5 ta namunali xavfsiz ko‘cha, 6 ta namunali xavfsiz uy tashkil qilinib, aholi muammolarini hal qilishning samarali tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Biroq mahallalarda chinakam xavfsiz muhitni shakllantirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar hali ko‘p. Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov hududlarning kriminogen vaziyati bilan yaqindan tanishish maqsadida “Buyuk Turon” va “Minor” mahallalarida bo‘lib, mas’ullar, “yettilik” tizimi xodimlari va aholi bilan muloqot qildi.

  Manzilli o‘rganishlar chog‘ida mahallalardagi ijtimoiy muhit, ko‘p qayd etilayotgan huquqbuzarliklar, ularning asl sabab va sharoitlari, jinoyatchilik omillariga barham berish borasida ko‘rilayotgan choralar, fuqarolar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar, ijtimoiy profilaktika yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, “yo‘l xarita”lar ijrosi, mavjud muammo va kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.

Akademiya boshlig‘i mahallalarda sog‘lom va barqaror muhitni qaror toptirish uchun manzilli ishlarni kuchaytirish, aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa muammolarni joyida hal qilish, jinoyatchilikni keskin kamaytirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni amaliyotga tatbiq etish, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish, mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanish zarurligini qayd etdi. 

O‘rganishlar yakunida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan mas’ul rahbarlar hamda mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech