Yoshlik – ulkan orzular, dadil intilishlar va yuksak marralar sari odimlash davri. Navqiron avlodning ana shu shijoatini qo‘llab-quvvatlash, iste’dodini yuzaga chiqarish va kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash IIV akademiyasida olib borilayotgan ta’lim-tarbiya jarayonining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida ta’lim maskani boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov bir guruh iqtidorli kursantlar bilan muloqot qildi.
Uchrashuvda mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida so‘z bordi. Akademiya rahbari bugungi yangilanishlar jarayonida yoshlarning faolligi, tashabbuskorligi va yurt taqdiriga daxldorlik hissi alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
– Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yoshlarning ta’lim olishi, o‘z qobiliyatini namoyon etishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Ayniqsa, ichki ishlar organlarini zamonaviy fikrlaydigan, kasbiga sadoqatli va yuksak malakali kadrlar bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Sizlar ana shu ishonchni chuqur his etib, kelgusi xizmat faoliyatingizga hozirdan puxta tayyorgarlik ko‘rishingiz zarur. Zero, islohotlarning amaliy natijasi ko‘p jihatdan siz kabi bilimli va izlanuvchan yoshlarning sa’y-harakatlariga bog‘liq, – dedi polkovnik Rustam Xatamov.
Muloqot davomida ta’lim muassasasida iqtidorli kursantlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy va ijodiy izlanishlarini rag‘batlantirish, ilg‘or tashabbuslarini hayotga tatbiq etish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, xorijiy tillar va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallashi uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.
Samimiy ruhda kechgan uchrashuvda kursantlarning fikr-mulohazalari, takliflari va kelgusidagi rejalari tinglandi. Ularning intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorini yanada yuksaltirish va yangi yutuqlar sari chorlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati