Ichki ishlar vazirligi akademiyasi yosh xodimlari o‘rtasida “Eng yaxshi kitobxon” tanlovining ta’lim muassasasi bo‘yicha bosqichi o‘tkazildi.
Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, xodimlarning bilim va intellektual salohiyatini yuksaltirish, kitobxon yoshlar safini yanada kengaytirish maqsadida tashkil qilingan tanlovda turli tarkibiy tuzilmalarda xizmat qilayotgan yuz nafarga yaqin yoshlar qatnashdi.
Hay’at a’zolari “Badiiy asar bilimdoni”, “Tezkor savol-javob”, “Men sevgan adib” kabi uch yo‘nalish bo‘yicha ishtirokchilarning bilimi va kitobxonlik darajasini baholab bordi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, 1-o‘rin Ichki ishlar organlarining ma’muriy faoliyati kafedrasi katta o‘qituvchisi, katta leytenant Mohinur Obloqulovaga, 2-o‘rin Saf qismi otryad komandirining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, kapitan Ruslan Xolboyevga, 3-o‘rin O‘quv jarayonini tashkil etish va rejalashtirish bo‘limi o‘qituvchi-metodisti, katta leytenat Nodirbek Jumaniyozovga nasib qildi.
G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati