Kadrlarning boshqaruvchanlik fazilatlarini shakllantirish murakkab jarayon. Ayniqsa global yangilanishlar ro‘y berayotgan hozirgi sharoitda har bir soha faoliyatining samaradorligi bevosita ushbu omilga bog‘liq.
IIV Akademiyasi magistraturasida ta’lim olayotgan tinglovchilar uchun “Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va zamonaviy rahbar” o‘quv moduli doirasida davra suhbati tashkil etildi. Unda ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov, vazirlik Faxriylar kengashi a’zosi Abdug‘afur Sattorov, shuningdek Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda tinglovchilar ishtirok etdi.
Davra suhbati avvalida ta’lim muassasasi rahbari Rustam Xatamov so‘z olib, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, eng avvalo, sohani aholi bilan yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish orqali xalqchil tuzilmaga aylashtirish, kadrlarning professional salohiyati va kasbiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilganini alohida ta’kidladi. Akademiya magistraturasida ilg‘or yondashuvlarning yo‘lga qo‘yilgani zamonaviy boshqaruv kadrlarini tayyorlashga xizmat qilayotgani aytib o‘tildi.
Tadbirda rahbarlikka xos fazilatlar, faoliyatni boshqarish va rivojlantirishning asosiy omillari, ichki ishlar organi rahbaridan talab etiladigan zarur kasbiy ko‘nikmalar, jamoani boshqarish, kadrlarni tanlash, joyiga qo‘yish va lavozimga tayinlash, shuningdek turli nostandart vaziyatlarda boshqaruvni samarali amalga oshirishning o‘ziga xos jihatlari xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
– O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimiz ichki ishlar organlari rivojlanishning muhim bosqichlarini bosib o‘tdi, – dedi Zokirjon Almatov. – Biroq islohotlarning hozirgi sur’atini bundan avvalgi davr bilan taqqoslab bo‘lmaydi. “Yangi O‘zbekistonda – yangi ichki ishlar organlari” tamoyili asosida tizimning ma’naviy-ijtimoiy qiyofasi tubdan o‘zgarib bormoqda. Boshqaruvning ma’muriy usullari o‘rniga xalqchil mexanizmlar amaliyotga joriy qilinmoqda. Bunday sharoitda rahbarlikka tayinlangan har bir xodim o‘z faoliyatining mazmun-mohiyatini o‘zgartirishi, zamonga mos qadam tashlashi kerak. Shundagina davlatimiz rahbari ta’kidlagan ustuvor maqsadlarga erishamiz.
Muloqotda liderlikka xos qobiliyatni shakllantirish, bilimli va tashabbuskor bo‘lish, xizmatga yuqori mas’uliyat bilan vijdonan yondashish, ichki ishlar organlari sha’niga putur yetkazuvchi illatlardan xalos bo‘lish borasida tinglovchilarga tavsiyalar berildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati