Yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish maqsadida IIV akademiyasida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.
Tadbir davomida poytaxtimizdagi o‘quv markazi yoshlari maskan faoliyati bilan yaqindan tanishib, saf maydoni, “Vatanparvarlik burchagi”, “Cho‘lpon” va akademiya tarixi muzeylarining tarbiyaviy ahamiyati, ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan ilg‘or yondashuvlar haqida zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Ayniqsa akademiya hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga bag‘ishlangan videorolik maskan haqida keng tushuncha hosil qilish imkonini berdi.
* * *
IIV akademiyasi kursantlari spektakl tomoshasiga borishdi.
Yangi mavsum munosabati bilan O‘zbekiston davlat drama teatri tomonidan Said Ahmadning “Ufq” romani sahnalashtirildi. Spektaklda talqin etilgan insoniy tuyg‘ular tomoshabinlar, ayniqsa yoshlarda katta ma’naviy taassurot qoldirdi.
* * *
IIV va Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyalari hamkorligida mashg‘ulot tashkil qilindi.
Mashg‘ulotda yong‘ir sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, tergovga qadar tekshiruv harakatini o‘tkazish, jinoyat izlarini aniqlashda ekspertizaning zamonaviy imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha tajriba almashildi. Mashg‘ulot yakunida kursantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati