Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

YANGI TIZIM HUQUQBUZARLIKLARNING BARVAQT OLDINI OLISHGA XIZMAT QILADI

10 Fevral 2025, 04:02

78

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 452 ta mahalla bo‘lib, ularning hammasini jinoyatdan xoli deb bo‘lmaydi. Shu bois, davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan qarori asosida mazkur hududda ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda bo‘lib, mas’ullar, sektor rahbarlari va “mahalla yettiligi” tizimi vakillari bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning asl omillarini aniqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi muhim vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida jinoyat sodir etish holatlari ko‘paygan. Shundan o‘g‘irlik, firibgarlik, badanga shikast yetkazish va boshqa turdagi oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar salmog‘i yuqorigicha qolgan. Umumiy hisobda 83 ta mahalla kriminogen vaziyati og‘ir hudud sifatida baholangan. Ayni kunlarda akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan shu va jinoyat sodir etilgan boshqa mahallalarda o‘rganishlar olib borilmoqda.

Aytish joizki, shu kungacha 92 ta mahallaning kriminogen vaziyati ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida o‘rganildi. Jinoyatlarning asl omillari bilan birga, ushbu illatga shart-sharoit yaratayotgan “jinoyat o‘choq”lari aniqlandi.

Akademiya boshlig‘i “mahalla yettiligi” a’zolari bilan muloqoti chog‘ida Prezidentimiz qarorining mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtaldi. Yangi tizim asosida huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olish samaradorligini yanada oshirish yuzasidan tizim xodimlariga zarur tavsiyalar berdi.

Muxtasar aytganda, joylarda tashkil qilinayotgan o‘rganishlar davlatimiz rahbari qarorini hududlarga keng tatbiq etish, kriminogen vaziyat bilan bog‘liq muammolarni o‘z joyida hal qilish, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasida muhim vazifalarni belgilab olish va amalga oshirishda muhim dasturulamal bo‘lmoqda. Zero, mahallalar osoyishtaligi yurt tinchligidan dalolat beradi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech