Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Yangi O‘zbekiston ravnaqiga hissa qo‘shish – insoniy burchimiz

05 Yanvar 2024, 09:01

671

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Magistratura tinglovchilari, professor-o‘qituvchilar, yosh avlod vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz hayotida ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlar, inson qadrini yuksaltirish yo‘lidagi keng qamrovli islohotlar, taraqqiyotimizning yangi davrini belgilab bergan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor g‘oya va maqsadlari yuzasidan atrofilicha fikr almashildi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan xalqparvar siyosat “inson – jamiyat – davlat” degan ezgu tamoyilning amaliy ro‘yobiga, adolat va demokratiya tamoyillarga asoslangan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga xizmat qilmoqda.

Qo‘mita raisi barcha jabhalar qatori parlament faoliyatiga to‘xtalar ekan, so‘nggi yillarda qonun ijodkorligi sohasi tubdan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlab o‘tdi. Yangilangan Konstitutsiyamiz asosida qabul qilinayotgan qonunlar, avvalo, inson qadri va manfaatlarini ulug‘lashga, xalqimizni rozi qilishga qaratilgani bilan dolzarb mazmun-mohiyat kasb etayotgani aytildi.

– Bugungi davr har birimizdan jamiyatning ilm-ma’rifatli vakili sifatida yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishni, xalq koriga kamarbasta bo‘lishni talab etmoqda. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, vijdoni, ma’naviyati bor inson Vatanini albatta yaxshi ko‘radi. Vijdon, ma’naviyat degani xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir, – dedi Qutbiddin Burxonov.

Tadbir davomida akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov ham so‘z olib, Oliy Majlis Senati bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilgani soha uchun professional kadrlar tayyorlash, ayniqsa magistratura tinglovchilarining boshqaruvga oid salohiyatini yuksaltirish, ularni yurtimizdagi ulkan islohotlar, qonunchilikdagi o‘zgarishlar bilan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini e’tirof etdi.

Shu kuni mehmonlar ta’lim muassasasi hayoti, o‘quv jarayoniga keng tatbiq qilingan yangiliklar bilan yaqindan tanishdilar.

IIV akademiyasi axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech