28–31-oktyabr kunlari Ichki ishlar vazirligi akademiyasida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar uchun o‘quv-seminar tashkil qilindi.
Ichki ishlar vazirligi farmoyishiga binoan o‘tkazilgan qisqa muddatli o‘quv yig‘iniga Toshkent shahar IIBB hamda tumanlar IIO FMBlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari, shuningdek IIV Akademiyasi o‘qituvchilari jalb qiindi.
O‘quv yig‘ini mobaynida “Oila-turmush doirasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish”, “Oilalarda sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash”, “Oila-turmush doirasidagi nizolarning oldini olishda psixologik bilimlarning tutgan o‘rni”, “Biz – oilaviy zo‘ravonlikka qarshimiz!”, “O‘z huquq va majburiyatingizni bilasizmi?”, “Yot g‘oyalarga qarshi birgalikda kurashaylik!” kabi mavzularda ma’ruza hamda seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Shuningdek O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida” va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari hamda Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta’minlash va monitoring olib borish to‘g‘risida”gi Nizomning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.
Mashg‘ulotlar Akademiyaning tajribali professor-o‘qituvchilari, jumladan, Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi boshlig‘i, polkovnik Sh. Mamadaliyev, Davlat-huquqiy fanlar va inson huquqlarini ta’minlash kafedrasi professori G. Matkarimova, Huquqbuzarliklar profilaktikasi va kriminologiya kafedrasi professori Q. Abdurasulova, Tarbiyaviy-psixologik faoliyati kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchi N. Turg‘unova hamda boshqa malakali mutaxassislar tomonidan olib borildi.
Muxtasar qilib aytganda, uch kun davom etgan o‘quv yig‘ini soha xodimlari faoliyatining samaradorligini oshirish, jamiyatda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlarni yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati