Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Rossiya Federatsiyasi IIV ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda onlayn master-klass mashg‘ulotlari tashkil qilindi.
Jumladan, Sankt-Peterburg universiteti boshlig‘i o‘rinbosari Dmitriy Jidkov olib borgan mashg‘ulotda professor-o‘qituvchilar hamda “tezkor-qidiruv faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishida ta’lim olayotgan kursantlar qatnashdi.
Rossiyalik mutaxassis “Elektron to‘lov tizimidagi firibgarlik jinoyatlarining kriminologik jihatlari” mavzuidagi ma’ruzasida mazkur muammoning dolzarbligi, bu turdagi jinoyatlarning oldini olishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, kiberjinoyatlarga qarshi kurashishning hozirgi holati va istiqbollariga to‘xtaldi.
Shu kuni magistratura tinglovchilari uchun “Alohida sharoitlarda ichki ishlar organlarining kuch va vositalarini boshqarish” mavzuida mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi.
Unda Rossiya Federatsiyasi IIV Boshqaruv akademiyasi professori Mixail Kireyev onlayn chiqish qildi. Mavzu doirasida bildirilgan mulohazalar, xususan, zamonaviy xavf-xatarlar kuchayib borayotgan sharoitda tizim kuch va vositalarini samarali boshqarish, ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligini oshirish omillari, bu borada mavjud tajribasining ayrim jihatlari tinglovchilarning boshqaruvga doir ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati