Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentining alohida muhim ishlar bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Denis Martinov boshchiligidagi delegatsiya IIV akademiyasiga tashrif buyurdi.
Dastlab mehmonlar ta’lim dargohi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Axborot-resurs markazi, saf maydoni, tezkor-tergov guruhlari uchun mo‘ljallangan transport vositalari, sport majmuasi hamda boshqa muhim obyektlarni ko‘zdan kechirish davomida ularga ta’lim jarayoniga tatbiq etilgan ilg‘or yondashuvlar, kursant va tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
Muzokaralar zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya ichki ishlar idoralari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati, o‘zaro tajriba almashish hamda manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida jinoyatchilikning zamonaviy shakl va usullariga qarshi kurashish, soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishda ilg‘or tajribalardan foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Tashrif doirasida akademiya professor-o‘qituvchilari, kursantlari hamda ichki ishlar organlarining amaliyotchi xodimlari uchun giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Unda sintetik giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq yangi tahdidlar, narkojinoyatlarni aniqlash va fosh etishning ilg‘or usullari, shuningdek, raqamli texnologiyalar yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish masalalari atroflicha yoritildi.
Xususan, internet tarmog‘idagi narkodo‘konlarni aniqlash va ular faoliyatiga chek qo‘yish, giyohvandlik vositalarining yashirin savdosiga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar hamda ular bilan bog‘liq moliyaviy mablag‘lar harakatini kuzatish bo‘yicha Rossiya tajribasi o‘rganildi.
Master-klass davomida ishtirokchilar narkojinoyatlarni fosh etish, tezkor-tergov tadbirlarini samarali tashkil qilish va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati