Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ta’lim olayotgan tojikistonlik kursantlar ona tili bayramini nishonladilar.
Ma’lumki, 2009-yil 5-oktyabrda Tojikiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi yangi qonuni qabul qilingan. Ushbu sana Davlat tili kuni sifatida belgilanib, keng miqyosda nishonlab kelinadi.
Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakultetida tilshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar, kursantlar ishtirokida o‘tgan tadbirda ona tilining millat ma’naviyati, jamiyat hayoti va mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni e’tirof etildi.
So‘zga chiqqanlar “Til – millat borligining ko‘zgusi”, “Tojik tili va adabiyotining tarixiy ildizlari”, “Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy – xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlikning buyuk timsoli”, “O‘zbekiston va Tojikiston: vaqt sinovidan o‘tgan mushtarak rishtalar” kabi mavzularda ma’ruza qilib, yoshlarni ona tiliga e’tiborli bo‘lishga, asrlar davomida kelayotgan milliy qadriyatlarni asrab-avaylashga, ajdodlarning boy merosiga vorislik ruhi bilan yashashga da’vat etdilar.
Tadbir kursantlar tomonidan ijro etilgan she’r va qo‘shiqlar bilan davom etdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati