Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun navbatdagi press-tur tashkil qilindi.
Tadbirda “O‘zbekiston-24”, “Yoshlar”, “Mening yurtim”, “Zo‘r TV” telakanallari, “Xalq so‘zi”, “Yangi O‘zbekiston”, “Pravda vostoka” gazetalari hamda O‘zbekiston milliy axborot agentligi vakillari, shuningdek radiojurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Press-tur avvalida OAV xodimlariga akademiyaning maqsadi va faoliyati haqida ma’lumot berildi. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, o‘quv jarayoniga tatbiq qilingan ilg‘or yondashuvlar, ijobiy natijalar taqdimot qilindi.
Shundan so‘ng mehmonlar axborot-resurs markazi, o‘quv va amaliy mashg‘ulot xonalari, sport seksiyalari, turar joy maskanlarida bo‘lib, kursant va tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Professor-o‘qituvchilar va ta’lim oluvchilar bilan muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Ayniqsa nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan mexanizmlar, o‘quv tergov-tezkor guruhlari faoliyati, zamonaviy kriminalistik laboratoriyalar, xorij tajribasini o‘rganish va yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan tadbirlar jurnalistlarda ulkan taassurot qoldirdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati