Bugun IIV Akademiyasida BMTning Markaziy Osiyoda inson huquqlari va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha elektron o‘quv kursiga bag‘ishlangan milliy brifing bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi, shuningdek Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi hamda mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamkorligida tashkil etildi.
Brifingda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Kaxa Imnadze va boshqalar so‘zga chiqib, terrorizmga qarshi chora-tadbirlar doirasida inson huquqlarini ta’minlashning asosiy qoidalarini o‘z ichiga olgan elektron o‘quv kursi bilan tanishtirish tadbirning asosiy maqsadi ekanligini ta’kidlab o‘tishdi.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari ta’lim muassasalari xodimlari va kursantlari uchun mo‘ljallangan mazkur o‘quv kursi BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, Ta’lim va tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyoda inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida ishlab chiqilgan.
Ushbu elektron o‘quv kursi Markaziy Osiyo mintaqasi, shu jumladan, O‘zbekistonda davlatning terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatida inson huquqlarining hisobga olinishini ta’minlaydi. Bunday amaliy qadam davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xususiy sektorning BMT Global aksilterror strategiyasining barcha asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyatini uyg‘unlashtirish hamda o‘zaro muvofiqlashtirish imkonini ham beradi.
Soha vakillari, olim va ekspertlar, ta’lim oluvchilar ishtirok etgan tadbirda elektron o‘quv kursining ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritildi, xorijiy hamda mahalliy mutaxassislarning tavsiyalari tinglandi. O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan terrorizmga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar milliy qonunchilik doirasida amalga oshirilayotgani, bu davlatning xalqaro huquq bo‘yicha majburiyatlariga ham mos kelishi alohida ta’kidlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati