Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Ustozni e’zozlash – millat kelajagini e’zozlashdir

1 Oktyabr 2026, 19:33

38

O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bayram tadbiri tashkil qilindi.

Ta’lim fidoyilari, faxriy ustozlar va xodimlar ishtirokida o‘tgan tadbirda akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, umrini jamiyat ravnaqiga bag‘ishlangan professor-o‘qituvchilarni bayram bilan samimiy muborakbod etdi.

Tadbirda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samarasi e’tirof etildi. O‘qituvchi va murabbiylarning mehnatini qadrlash, jamiyatdagi obro‘yini yuksaltirish, ularga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish Yangi O‘zbekistonda eng ustuvor yo‘nalishga aylangani aytib o‘tildi.

– Har bir kasbning o‘z o‘rni bor, biroq o‘qituvchilik mamlakatning buguni va ertangi kunini belgilaydigan ulug‘ kasb, – dedi akademiya boshlig‘i. – Sizlarning fidokorona va sharafli mehnatingiz tufayli ma’rifatli avlod shakllanadi, jamiyatning ma’naviy salohiyati yuksaladi. Prezidentimiz ustozni e’zozlash bir kasb egasini emas, butun bir millat kelajagini e’zozlashdir, deya bejiz aytmadilar.

Akademiya boshlig‘i o‘quv muassasasi faoliyatida ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlarga ham to‘xtaldi. Davlatimiz rahbarining qarori bilan yo‘lga qo‘yilgan yangi tizim ta’lim jarayonlarini isloh qilish orqali ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

Hozirgi islohotlar davrida professor-o‘qituvchilar yuksak pedagogik mahoratga ega bo‘lishi, amaliyotga kirib kelayotgan yangiliklar, ayniqsa sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha zamonaviy bilimlardan xabardor bo‘lishi, eng muhimi, ta’lim jarayonini innovatsion yondashuvlar asosida olib borishi zarurligi qayd etildi. 

Tadbirda ilmiy-pedagogik faoliyatida yuqori natijalarga erishayotgan bir guruh professor-o‘qituvchilarga idoraviy ko‘krak nishonlari, pedagogik toifalar, faxriy yorliq va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech