Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ta’lim olayotgan kursantlar “ustoz-shogird” an’analaridan munosib bahramand bo‘lishmoqda. Binobarin, yoshi ulug‘ insonlarning o‘giti, boy tajribasi navqiron avlodni hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashga undaydi.
O‘quv dargohida ichki ishlar organlari ravnaqiga ko‘p yillik xizmatlari singgan faxriylar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Ta’kidlanganidek, yoshi ulug‘ insonlar mamlakatimizda doimo e’tibor va e’zozda bo‘lib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash tinch-osuda va farovon hayotimizning asosiy mezoni sanaladi.
– Bugun yoshlarning ma’naviiy salohiyatini yuksaltirish, ular qalbida vatanparvarlik, mardlik, yurtga daxldorlik hissini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi Akademiya boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Husniddin Davronov. – “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish — oliy burchimiz!” konseptual g‘oyasi asosida o‘tkazilayotgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad ham sohada uzoq yillar mehnat qilgan ustozlarimizning o‘z kasbiga sadoqatini yoshlarga ibrat namunasi sifatida ko‘rsatishdir.
Uchrashuvda so‘z olgan soha fidoiylari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni e’tirof etib, hayot va mehnat faoliyatlari davomida to‘plagan tajribalari, ichki ishlar organlarida xizmat qilishning o‘ziga xos qiyinchiliklari, mashaqqat ketidan kelgan muvaffaqiyatlar haqida samimiy dil so‘zlarini bildirdilar.
Nuroniy ustozlar o‘sib kelayotgan shogirdlarini el-yurt tinchligi va ravnaqi yo‘lida sobitqadam bo‘lishga, sharafli kasbni mardonavor oqlashga, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishga undadilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati