Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Hamkorlikda yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi

23 Oktyabr 2026, 22:19

51

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Qarshi davlat texnika universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Sir emaski, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar imkoniyatlari bugun shiddat bilan kengayib bormoqda. Kibermakonning aniq chegara va hudud bilmasligi zamonaviy tahdidlarning oldini olish, ayniqsa internet orqali sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi samarali kurashishni taqozo etmoqda.

Hamkorlik memorandumi ana shu maqsadga qaratilgan bo‘lib, ta’lim sohasida tajriba almashish, ilg‘or yondashuvlarni amaliyotga joriy qilish, kiberxavfsizlik yo‘nalishidagi dolzarb muammolarni tadqiq qilish, ichki ishlar organlari faoliyatini uslubiy jihatdan ta’minlashni nazarda tutadi.

Kelishuvga ko‘ra, endilikda universitet bazasida ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, tezkor qidiruv, tergov, kiberxavfsizlik va boshqa sohaviy xizmat xodimlari uchun raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, internet monitoringi, kiberprofilaktika yo‘nalishida o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Mashg‘ulotlar ikki bosqichda tashkil etilib, universitet hamda akademiya professor-o‘qituvchilari, tajribali amaliyot xodimlari tomonidan olib boriladi.

O‘quv kurslarini zamon talablari darajasida tashkil etish maqsadida yangi o‘quv dasturlari va axborot tizimlari ishlab chiqilib, internet monitoringi guruhlari tashkil etiladi. Shu bilan birga, universitetning Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt fakultetida “Kasb egasi” dual ta’lim tizimi joriy etilib, talabalar ichki ishlar organlarining kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘linmalariga amaliyotga jalb qilinadi.

Ta’lim muassasalari rahbarlari Sherzod Ne’matov va Rustam Xatamov ishtirokida bo‘lib o‘tgan memorandum imzolash jarayonida qo‘shma qaror va “yo‘l xarita”si asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar, ikki tomonlama hamkorlikdan kutilayotgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.  Yangi tizim ta’limda sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash barobarida, axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, akademiya ishchi guruhi vakillari universitetda yo‘lga qo‘yilgan ta’lim jarayonlari, sun’iy intellekt laboratoriyalari, ilmiy tadqiqot muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Muloqot chog‘ida innovatsion yondashuvlarni ommalashtirish, ilmiy-amaliy hamkorlikni kuchaytirish, davlatimiz rahbarining ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash tizimini transformatsiya qilish to‘g‘risidagi qarorida belgilangan mexanizmlarni amaliyotga joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Aytish joizki, o‘quv kurslarining yo‘lga qo‘yilayotgani ichki ishlar organlari xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, hududlarda kiberprofilaktikani samarali tashkil etish, aholini kibermakondagi tahdidlardan xabardor qilish, axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlar salmog‘ini kamaytirish, tizim faoliyatiga raqamli yondashuvlarni keng tatbiq etishga xizmat qiladi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech