Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘tkazilgan tadbir talabalarning huquqiy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchi va talabalari, shuningdek ta’lim muassasasiga biriktirilgan profilaktika inspektori ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik masalalari xususida so‘z bordi.
IIV akademiyasi magistraturasi tinglovchisi, podpolkovnik B. Tojiboyev so‘z olib, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar, ularning zamonaviy ko‘rinishlari, yoshlar tomonidan sodir qilinayotgan ushbu turdagi huquqbuzarliklar, amaldagi qonunchilikda bunday qilmishlar uchun nazarda tutilgan normalar yuzasidan atroflicha tushuncha berdi.
Keyingi paytlarda yoshlar qatlami vakillari internetning salbiy ta’siri ostida jinoyat ko‘chasiga kirib qolayotgani ta’kidlanib, talabalarga zarur huquqiy tavsiya va maslahatlar berildi. Bunday sharoitda ularning huquqiy ongi va kibermadaniyatini yuksaltirish, kibermakonidagi xavf-xatar va mafkuraviy tahdidlardan ogoh etish muhimligi qayd etildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati