Joriy yilning 21–24-avgust kunlari IIV Akademiyasida Turkiya Respublikasi IIV Xavfsizlik bosh boshqarmasi hamda Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘quv kursi tashkil qilindi.
Tezkor-qidiruv va tergov sohaviy xizmatlari vakillari, Akademiya ixtisoslik kafedralari professor-o‘qituvchilari uchun tashkillashtirilgan o‘quv kursi mashg‘ulotlari turkiyalik tajribali mutaxassislar tomonidan olib borildi.
Tinglovchilar axborot makonida sodir etilayotgan jinoyatlar, ularning turlari va oldini olish yo‘llari, kiberhujumlarni fosh etish va tergov qilish usullari, kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, bu borada vakolatli davlat organlarining asosiy vazifalari, faoliyatni tashkil etish xususiyatlari va tamoyillari, kiberxavfsizlikni ta’minlashda qo‘llanilayotgan samarali yondashuvlar, shuningdek, terrorizm xavfidan davlatning suverenitetini va hududiy yaxlitligini himoya qilish, zamonaviy terror usullarining oldini olish yuzasidan fikr almashib, Turkiya tajribasining o‘ziga xos jihatlari haqida zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
O‘quv kursining so‘nggi kunida turkiyalik mutaxassislar Akademiya faoliyati va yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlarga ta’lim shakllari, mutaxassis kadrlar tayyorlashga qaratilgan ixtisoslik yo‘nalishlari, o‘qitishning ilg‘or mexanizmlari, ayniqsa kiberxavfsizlik bo‘yicha joriy qilingan o‘quv dasturlari, ta’lim oluvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar va istiqboldagi rejalar xususida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng o‘quv kursi tinglovchilariga sertifikatlarni topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi maslahatchisi Mustafo Avji, turkiyalik mutaxassislardan Mehmet Remzi Ekinchi, Lutfu Balchi, Akademiya rahbari Rustam Xatamov so‘z olib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yuksak hamkorlik aloqalarini e’tirof etishdi.
O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarida strategik ahamiyatga molik masalalar ustuvor ahamiyat kasb etishi, o‘zaro hamkorlik va tajriba almashinuvining hozirgi bosqichi zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga ilg‘or yondashuvlarni keng tatbiq etish, soha uchun professional kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Tadbir yakunida 76 nafar xodimga sertifikat topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati