Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga Turkiya milliy politsiya akademiyasi huzuridagi Yo‘l harakati xavfsizligi instituti rahbari Shenol Yaprak boshchiligidagi delegatsiya keldi.
Ikki tomonlama muloqotda O‘zbekiston – Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va yuksak ishonchga asoslangan munosabatlarning bugungi holati yuzasidan fikr almashildi. Xalqlarimizni bog‘lab turgan azaliy qardoshlik rishtalari hamkorlik aloqalarining hozirgi bosqichida mustahkam poydevor bo‘layotgani e’tirof etildi.
Akademiya rahbari Rustam Xatamov so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz munosabatida yangi davr boshlangani va bu barcha sohalarda yaqqol ko‘zga tashlanayotganini alohida ta’kidladi. Ayniqsa Turkiya Respublikasining turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan tajriba almashinuvining sezilarli darajada faollashgani aytib o‘tildi.
O‘z navbatida, Shenol Yaprak aloqalarni yanada rivojlantirishdan manmunligini bildirdi. “Qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning nafaqat buguni, balki kelajagi ham porloqdir. Samimiy do‘stlik ruhida o‘tayotgan uchrashuv bunga dalolat beradi. Biz aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish va bir-birimizni qo‘llashga doimo tayyormiz”, dedi u.
Qizg‘in muloqotdan so‘ng mehmonlar akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan ilg‘or yondashuv va tajribalar, ichki ishlar organlari uchun rahbar kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlari, xalqaro hamkorlik aloqalarining bugungi holati yuzasidan ma’lumot berildi.
Turkiyalik mehmonlar o‘quv dargohining ulkan salohiyati va istiqbolini e’tirof etib, amaliy hamkorlikni har tomonlama davom ettirishga ishonch bildirdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati