Yurtimizga amaliy tashrifi doirasida Turkiya milliy politsiya akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Fotih Inal boshchiligidagi delegatsiya Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyati bilan tanishdi.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar ta’lim sohasida izchil rivojlanib bormoqda. So‘nggi bir yilda o‘zaro manfaatli aloqalarga xizmat qiladigan ikki tomonlama uchrashuvlar chog‘ida tajriba almashinuvini kengaytirishga qaratilgan istiqbolli kelishuvlar amaliyotga tatbiq qilindi. Zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish, soha xodimlarining malakasini oshirish, ta’limga innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish borasidagi ishlar sezilarli faollashdi.
Galdagi uchrashuv ham hamkorlik memorandumi doirasida tashkil etildi. Turkiyalik mehmonlar dastlab o‘quv auditoriyalarida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan tanishib, ta’lim jarayonini monitoring qilish markazini ko‘zdan kechirishdi. Ayniqsa kursantlarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar orqali mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan maxsus avtobuslar mehmonlarning alohida e’tiborini tortdi. Delegatsiya vakillari sayyor sinfxona hamda kriminalistik ekspertizalar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalarining o‘ziga xos imkoniyatlarini o‘rganib, o‘quv jarayoniga tatbiq qilingan yondashuvlarga yuqori baho berdilar.
Shundan so‘ng mehmonlar Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Akademiya tarixi muzeyi, Axborot-resurs markazi, Jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasida bo‘lib, ta’lim maskanining taraqqiyot yo‘li, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ulkan islohotlar va tinglovchi-kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbarining qarorlari asosida ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash maqsadida ta’lim jarayonida yo‘lga qo‘yilgan yangi mexanizmlar taqdimot tarzida namoyish etildi.
Janob Fotih Inal buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini e’tirof etib, faxriy mehmonlar kitobiga safar taassurotlari haqidagi samimiy so‘zlarini yozib qoldirdi.
Kunning ikkinchi yarmida ta’lim maskanlari rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov turkiyalik hamkasblarini qutlab, o‘zaro aloqalarning bugungi holatiga yuqori baho berdi.
– Ikki tomonlama munosabatlarning jadal taraqqiy topayotgani xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy rishtalarga mustahkam ishonch va yangicha ruh bag‘ishlamoqda. Hamkorligimiz yuqori bosqichga ko‘tarilib, o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishayotganimiz tizim uchun professional kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi R. Xatamov.
O‘z navbatida, Fotih Inal ta’lim maskanlari o‘rtasidagi hamkorlik o‘zbekistonlik hamkasbining muhim tashabbus va sa’y-harakatlari evaziga izchil rivojlanayotganini alohida e’tirof etdi. Uning ta’kidlashicha, hozirgi murakkab davrda tajriba almashinuvini yanada kuchaytirish, istiqbolli qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish ta’lim samaradorligiga xizmat qiladi.
Ayni kunlarda Turkiya milliy politsiya akademiyasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi davom etmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati