Yo‘l-transport hodisalariga oid jinoyat ishlarini tergov qilishda bir qancha turdagi ekspertizalar tayinlanadi. Shulardan biri transport-trasologiya ekspertizasi bo‘lib, tergovchi uning natijasiga qarab yo‘l-transport hodisasi haqida muayyan xulosalarga keladi.
IIV Akademiyasining Tergov faoliyati kafedrasi tomonidan tashkil etilgan davra suhbati sud-tergov amaliyotida avtotexnika va transport-trasologiya ekspertizalari bilan bog‘liq ayrim muammolarga bag‘ishlandi. Kunduzgi ta’limning “tergov faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan kursantlar, kafedra professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etgan tadbirga Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Ekspert-kriminalistika markazi katta eksperti, kapitan Omonboy Arabboev taklif qilindi.
Amaliyot xodimi yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha ekspertiza tayinlashda surishtiruvchi va tergovchi tomonidan hal etiladigan savollar, hodisa joyida amalga oshiriladigan protsessual harakatlar, ayniqsa tergov eksperimentini o‘tkazish, dalil va ma’lumotlarni to‘plash, ularni chuqur tahlil qilishning ahamiyati va boshqa muhim jihatlarga to‘xtaldi. Ayni mavzuga oid kursantlarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob berdi.
Aytish joizki, ish o‘rganish amaliyoti va bitiruvoldi o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar kursantlar uchun nazariy bilimlarni amaliy jihatdan mustahkamlash, ularda tanlagan sohasiga oid zarur kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati