Chirchiq shahar hokimligida “mahalla yettiligi” tizimi xodimlari uchun seminar-trening tashkil qilindi.
Tadbirda davlatimiz rahbarining mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash to‘g‘risidagi qarori bilan hududlarga biriktilgan mas’ul rahbarlar, IIV akademiyasi vakillari hamda “mahalla yettiligi” tizimi xodimlari qatnashdi.
Seminar-trening avvalida akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov so‘zga chiqib, Prezidentimiz qarorining dolzarb ahamiyati, ustuvor yo‘nalishlari, qaror doirasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar, hududlarda islohotlar samarasini ta’minlash va aholi muammolarini hal etishda “mahalla yettiligi”ning o‘rni, tizimning faoliyat samaradorligini oshirish masalalariga atroflicha to‘xtaldi.
Hamkor idoralar bilan birgalikda tashkil etilayotgan mashg‘ulotlar “yettilik” vakillarining kasbiy kompetentligini oshirish orqali mahallalarning davlat organlari bilan aholi o‘rtasida ishonchli ko‘prik sifatidagi rolini yanada mustahkamlashga qaratilganini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari tomonidan “Mahalla yettiligi” tizimining huquqiy asoslari”, “Ijtimoiy profilaktika ob’ektlarini aniqlash usullari”, “Ijtimoiy moslashtirish dasturlari natijadorligini oshirish”, “Ijtimoiy profilaktika haftaligi”ning maqsad va vazifalari”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasiga keng jamoatchilikni jalb qilish” kabi dolzarb mavzularda interfaol mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Seminar-trening yakunida ochiq muloqot tashkil qilinib, mahallalardagi muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi.
Shu kuni akademiya boshlig‘i “Nur” mahallasiga borib, aholi uchun xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ahvolini o‘rgandi. Mahalla faollari va biriktirilgan mas’ullar bilan muloqot qilib, “yo‘l xarita”da belgilangan chora-tadbirlar ijrosini muhokama qildi.
Qayd etilishicha, mahallaga akademiyaning tajribali professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh jalb qilingan. O‘rganishlar davomida kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida tahlil qilinib, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Shunga ko‘ra, jinoyat sodir etilishi mumkin bo‘lgan joylarga tashvish tugmalari va zamonaviy kameralar o‘rnatilib, xavfsizlik tizimlariga integratsiya qilindi. Ko‘chalar yoritish chiroqlari bilan jihozlanib, jamoat tartibini ta’minlash uchun qo‘shimcha kuch va vositalar yo‘naltirildi. Xonadonlarni manzilli o‘rganish davomida aniqlangan ijtimoiy profilaktika obyektlari bilan tegishli profilak chora-tadbirlar belgilab olindi.
Muhimi, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar natijasida mahallaning kriminogen vaziyati barqarorlashdi.
Akademiya boshlig‘i hudud faollari bilan muloqot chog‘ida mahallani “yashil” toifaga o‘tkazish, bunga to‘siq bo‘layotgan omillarga butunlay barham berish, aholi muammolarini muntazam o‘rganib borish, ijtimoiy profiliktika samaradorligini oshirish, faoliyatni yanada jadallashtirish zarurligini aytib o‘tdi. Kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati