Qoraqalpog‘istonda ichki ishlar va milliy gvardiya organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimi xodimlari hamda o‘rta bo‘g‘in rahbarlari uchun mobil malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlash tizimini transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida yo‘lga qo‘yilgan mashg‘ulotlar xodimlarning kasbiy bilim, amaliy ko‘nikma hamda boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Mashg‘ulotlar Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiyaning qo‘shma qarori asosida IIV akademiyasi, Malaka oshirish instituti va Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o‘qituvchilari, shuningdek boy tajribaga ega amaliyot xodimlari tomonidan olib borilmoqda.
O‘quv dasturida zamonaviy tahdidlar sharoitida jamoat xavfsizligini ta’minlash, idoralararo hamkorlikni kuchaytirish, inqirozli vaziyatlarni boshqarish va kuch-vositalardan samarali foydalanish, faoliyatni rejalashtirish va natijadorlikni baholash, tizimda korrupsiyaviy omillar va boshqa xavf-xatarlarning oldini olish, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishni samarali tashkil etish, aholi bilan manzilli ishlash va ishonchli muloqot muhitini yaratish hamda shu kabi dolzarb yo‘nalishlar qamrab olingan.
Mashg‘ulotlar yakunida xodimlardan sinov qabul qilish va shu asosda tizimning faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash rejalashtirilgan.
IIV akademiyasi Axborot xizmati