IIV akademiyasida tillarni o‘qitishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbek tili bayrami munosabati bilan tashkil qilingan tadbirda yetakchi ilmiy tadqiqot va oliy ta’lim muassasalaridan olimlar, soha mutaxassislari, akademiya professor-o‘qituvchilari va kursantlari, shuningdek qator hamkor tashkilotlardan mehmonlar qatnashdi.
Konferensiya avvalida o‘zbek tilining boy tarixiy ildizi, yuksak mavqeyi va nufuzi, Yangi O‘zbekistondagi ma’naviy islohotlar jarayonida ona tilimizning davlat tili sifatidagi maqomini yanada yuksaltirish yo‘lida qilinayotgan ezgu ishlar e’tirof etildi.
Soha mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilayotgan anjuman tillarni o‘qitish yuzasidan o‘zaro tajriba almashish, sohadagi muammolarning ilmiy-amaliy yechimlarini ishlab chiqishga qaratilgani aytib o‘tildi.
Konferensiyada IIV akademiyasining O‘zbek tili va xorijiy tillar kafedrasi boshlig‘i A. Kurganov, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori J. Yakubov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori M. Hakimova, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi dotsenti M. Badalbayeva, IIVning Toshkent shahridagi akademik litseyi o‘qituvchisi Z. Zubaydullayeva va boshqalar so‘zga chiqdi.
“O‘zbek tili va uning rivojlanish bosqichlari”, “Til o‘rgatishning zamonaviy yondashuvlari”, “Internet resurslari asosida xorijiy tillarni o‘qitishning ahamiyati”, “Tarjima san’atining o‘ziga xos qoidalari”, “Tarixiy asarlarning qiyosiy tahlili”, “O‘zbek tili evfemizmlarida milliy madaniyatning aks etishi” hamda boshqa mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Ta’lim muassasalarida tillarni o‘qitishning ilg‘or yondashuvlarini tatbiq qilish, soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, tilshunoslik masalalarini keng tadqiq qilish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi. Tadbir yakunida “Renessans” ta’lim universiteti talabalari va akademiya kursantlari tomonidan ona tilimizni madh etuvchi chiqishlar namoyish qilindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati