Joriy yilning 5–11 dekabr kunlari IIV Akademiyasi hamda Malaka oshirish instituti xodimlaridan iborat guruh Turkiya Respublikasida bo‘lib qaytdi.
Xorij safari davomida “Terrorizmga qarshi kurashish” o‘quv kursi bo‘yicha Turkiya Respublikasi IIV Xavfsizlik bosh boshqarmasi huzuridagi Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasining malakali mutaxassislari tomonidan seminar-trening mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Interfaol yondashuvlar asosida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar jarayonida terrorizmga qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning asosiy vazifalari, diniy ongning radikallashuvi, uning bosqichlari va ko‘rinishlari, terrorchilik guruhlariga shaxslarni jalb qilish usullari, diniy aqidaparastlikka qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligini samarali tashkil etish, terrorizmga qarshi kurashishda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi.
Ayniqsa Turkiya Respublikasi IIV Xavfsizlik bosh boshqarmasi, Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi, Politsiya muzeyi, Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalari va ularning analoglarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish boshqarmasi qoshidagi markaz, Alohida va muhim vazifalarni bajaruvchi maxsus boshqarma faoliyati bilan tanishuv amaliy ko‘nikmalarga boyligi bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘quv kursi yakunida seminar-trening ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati