IIV Akademiyasining “Ma’naviyat va ma’rifat markazi”da “Amir Temur – buyuk davlat arbobi va ulug‘ sarkarda” mavzuida tadbir o‘tkazildi.
Taniqli aktyor Ma’ruf Otajonov ishtirok etgan uchrashuvda buyuk sarkardaning hayoti va faoliyati, Amir Temur va temuriylar davrining jahon tamadduniga qo‘shgan hissasi, ulug‘ ajdodlarimiz tarixiy merosini o‘rganish, ular nomini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususda so‘z bordi.
– Dunyo miqyosida Amir Temur shaxsiyati, uning saltanatni boshqarish san’ati, sarkardalik mahorati, harbiy strategiyasiga qiziqish nihoyatda yuqori. Masalan, “Temur tuzuklari” bir necha asrlar hukmdorlar uchun muhim qo‘llanma vazifasini bajargan, – dedi Ma’ruf Otajonov.
Uchrashuv davomida aktyor ijodiy faoliyati, xususan, “Mirzo Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” hujjatli filmidagi Amir Temur roli haqida kursant yoshlarga gapirib berdi.
– Tanlovda mendan oldin beshta aktyor qatnashgan. Hatto, dunyo miqyosida kasting uyushtirilgan. Jahon kinoyulduzlaridan Bred Pitt, Silvester Stallone, Amitabh Bachchan, Halit Ergenchni taklif qilishmoqchi bo‘lishgan. Oxir-oqibat, ushbu rolni gavdalantirish menga nasib qildi. Rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev tomonidan suratga olingan filmda Vensan Kassel, Armand Assante, Fransisko Ovalle kabi dunyoga mashhur san’atkorlar, shuningdek Javohir Zokirov, Hoshim Arslonov singari o‘zimizning taniqli aktyorlar rol ijro etgan, – deya xotirlaydi u.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati