IIV akademiyasida ta’lim jarayonidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Boshliq o‘rinbosarlari, fakultet, kafedra va boshqa tuzilmalar rahbarlari, professor-o‘qituvchilar ishtirok etgan yig‘ilishda faoliyatning asosiy yo‘nalishlari tanqidiy ruhda muhokama qilindi.
Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov ta’limni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga to‘xtaldi. Keyingi yillarda o‘qitishning ilg‘or yondashuvlari tatbiq qilingani, professor-o‘qituvchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgani, kafedralarni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
“O‘qituvchi jamiyatdan ortda qolmasligi kerak. Mamlakatimizda kechayotgan islohotlarning shiddati oldimizga ana shu talabni qo‘ymoqda”, – dedi akademiya boshlig‘i.
Yig‘ilishda erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ham aytib o‘tildi. Ayrim hollarda mashg‘ulotlarning an’anaviy metodlarda o‘tkazilayotgani, yosh xodimlarda talabchanlik, o‘z ustida ishlash, faoliyatini tanqidiy baholash ko‘nikmalari yetishmasligi, mustaqil ta’lim imkoniyatlaridan samarali foydalanilmayotgani qayd etildi.
Akademiya boshlig‘i o‘quv jarayonlarini tashkil etishda fakultet va kafedra rahbarlarining mas’uliyatini oshirish, professor-o‘qituvchilar faoliyatini monitoring qilish mexanizmlarini takomillashtirish, “Smart-reyting”, “Hemis” va boshqa tizimlarning natijadorligini oshirish, raqamli ta’limga o‘tish ishlarini jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
“Ta’lim-tarbiya masalasida barchamiz, rahbarlardan tortib oddiy xodimgacha mas’uliyatni his qilsak, shunda faoliyatimizda o‘zgarish bo‘ladi”, – dedi akademiya boshlig‘i.
Yig‘ilishda tashkiliy masalalar ham ko‘rilib, qator lavozimlarga tayinlovlar amalga oshirildi. Joriy o‘quv yilida belgilab olingan vazifalar yuzasidan muhim qarorlar qabul qilindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati