IIV akademiyasida “Huquqni muhofaza qilish faoliyatida sun’iy intellekt: zamonaviy kibertahdidlar va raqamli kriminalistikaning dolzarb masalalari” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Gibrid formatda o‘tgan xalqaro anjumanda manfaatdor vazirlik va tashkilotlar vakillari, soha mutaxassislari, mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan olimlar hamda kursantlar ishtirok etdi.
Konferensiya avvalida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy qilish, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, raqamli kriminalistika imkoniyatlarini kengaytirish, bu borada ilg‘or tajribalarni o‘rganib, amaliyotga tatbiq etish tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ekanligi aytib o‘tildi.
Anjumanda Xitoy Jamoat xavfsizligi universiteti, Qirg‘iziston IIV akademiyasi, Rossiya IIV Sibir yuridik instituti, Toshkent kimyo xalqaro universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda IIV akademiyasi vakillari so‘zga chiqdi.
“Dipfeyk” jinoyatlari va ularning oldini olish”, “Raqamli chegarani himoya qilish: sun’iy intellekt davrida kiberxavfsizlik”, “Sun’iy intellektdan foydalangan holda sodir etilayotgan kiberjinoyatlarga qarshi kurashish”, “Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy tadqiqot natijalarini jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishda qo‘llash”, “Huquqni muhofaza qilish sohasida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning amaliy tatbiqlari” va boshqa mavzuda ma’ruzalar tinglandi.
Huquqni qo‘llash amaliyotida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha milliy huquqiy bazani takomillashtirish, kiberjinoyatlarni aniqlash va fosh etishning zamonaviy texnik vositalari hamda algoritmlarini yaratish, raqamli kriminalistika bo‘yicha mutaxassis kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishni ilmiy jihatdan ta’minlash kabi yo‘nalishlarda dolzarb taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati