Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Sirtqi ta’lim bitiruvchilari “yurist” malakasiga ega bo‘ldi

22 Aprel 2023, 06:04

1353

IIV Akademiyasida Sirtqi ta’lim fakulteti tinglovchilarining bitiruv marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Davlat madhiyasi ijrosidan so‘ng ta’lim muassasasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtaldi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida soha faoliyati so‘nggi yillarda mutlaqo yangi bosqichga olib chiqildi. Aholi bilan yaqin hamkorlikda ishlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, bu borada mavjud muammolarni manzilli hal etishning samarali mexanizmlari amaliyotga joriy qilindi. Islohotlar natijadorligini yanada oshirish maqsadida kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, xodimlarning professional salohiyatini yuksaltirib borish, xizmatda uzluksiz o‘sishini ta’minlash hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Akademiya boshlig‘i mamlakatimizda kechayotgan ulkan yangilanishlarni e’tirof etarkan, soha xodimlari xalqimizga halol va vijdonan xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi. – Xalqparvar tizim, eng avvalo, inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, bir so‘z bilan aytganda, yurtdoshlarimizning dardu tashvishi bilan yashash degani. Sizlar zimmangizdagi burch va mas’uliyatni anglagan holda sharafli kasbni tanlagansiz. Kelgusidagi faoliyatingizda davlatimiz tomonidan bildirilgan ulkan ishonchni oqlab, xalqimizning tinch-osuda hayotini ta’minlash yo‘lida yuksak sadoqat bilan xizmat qilishingizga ishonaman, – dedi Akademiya boshlig‘i.

Tadbir so‘nggida o‘quv dasturlari talablarini to‘liq o‘zlashtirib, yakuniy davlat imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga “jinoyatlarning oldini olish va fosh etish faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha “yurist” malakasini beruvchi diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Bitiruvchilar nomidan kapitan Abrorjon Ahmedov va katta leytanant Surayyo Abdullayeva so‘z olib, zamonaviy yondashuvlar asosida nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalardan puxta ta’lim bergan ustozlariga minnatdorlik bildirdilar.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech