Yurtimizda bahor fasli atoqli shoira Zulfiyaxonim tavalludi bilan boshlanadi. Uning hayoti va ijodi, chinakam ma’noda, muhabbat va nafosat, mehr va sadoqat, sabr va matonat timsoliga aylangan.
Shu munosabat bilan IIV akademiyasida bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Muhtarama Ulug‘ova, “Zulfiya” mukofoti sohibasi Mohinur Sotvoldiyeva hamda ta’lim muassasasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Zulfiya Isroilovaning hayoti va ijodi, jamoat arbobi sifatidagi faoliyati, milliy adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi alohida tilga olindi. Yangi O‘zbekiston xotin-qizlarining jamiyat hayotidagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, yosh avlodni ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda shoiraning umr yo‘li ibrat maktabi ekanligi e’tirof etildi.
– Ustozimiz sevimli shoirimiz Hamid Olimjon bilan qisqa, ammo sermazmun hayot kechirdilar. Umrlarining oxiriga qadar oilaviy qatriyatlarga sodiq qoldilar. Asarlarida o‘zbek ayollariga xos hayo, vafo, sadoqat singari tuyg‘ularni yuksak mahorat bilan qalamga oldilar. Shu bois, Zulfiyaxonim ijodi xalqimiz ma’naviyatining ajralmas qismiga aylangan, – dedi Muhtarama Ulug‘ova.
“Zulfiya” mukofoti sohibasi Mohinur Sotvoldiyeva ushbu mukofot uni hamisha yangi marralar sari undashini alohida ta’kidladi. Bilimli, iqtidorli, tashabbuskor qizlar safi yildan-iylga kengayib, ular Zulfiyaxonimga munosib izdosh bo‘lishga intilib kelayotganini qayd etdi.
Tadbir davomida shoira she’rlaridan namunalar o‘qildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati