IIV Akademiyasida mamlakatimiz ichki ishlar organlari tashkil etilganining o‘ttiz yilligi hamda soha xodimlarining kasb bayrami munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda o‘quv muassasasi rahbariyati, doimiy va o‘zgaruvchan tarkib a’zolari ishtirok etdi.
Saf maydoniga Akademiya jangovar bayrog‘i olib kirilgach, davlatimiz madhiyasi yangradi. Akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, mustaqillikning ilk davrida tashkil topgan ichki ishlar organlari o‘tgan davr mobaynida mashaqqatli va sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Sohada amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida ichki ishlar organlari huquq-tartibotni ta’minlashga qodir, jamiyat hayotiga xavf soladigan har qanday tahdidlarga qarshi kurasha oladigan, tinchlik va osoyishtalikni saqlaydigan mustahkam organga aylandi. Ayniqsa so‘nggi yillarda ichki ishlar organlarining barcha sohaviy xizmatlari qaytadan isloh qilinib, jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha yuzaga kelayotgan tezkor vaziyatga samarali ta’sir o‘tkaza oladigan, aholiga o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatadigan, fuqarolarni tashvishga solayotgan muammo va masalalarni joyida hal etadigan yangi tizim yaratildi.
– Islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida xodimlarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, tizim uchun professional darajasi yuqori, yetuk bilim va malakaga ega kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi Akademiya boshlig‘i R.Xatamov. – Joriy o‘quv yilidan ta’lim muassasamizda bakalavriat va magistraturadan iborat o‘qitishning ikki bosqichli tizimi yo‘lga qo‘yildi. O‘quv jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qiluvchi ilg‘or yondashuvlar, xorijiy davlatlarning zamonaviy tajribalari keng tatbiq etilmoqda. Tinglovchi-kursantlarimiz yuksak bilim va professional ko‘nikmalarni puxta egallab, islohotlarni samarali harakatga keltiruvchi, ta’bir joiz bo‘lsa, xalqimiz manfaatlariga xizmat qiluvchi mustahkam tayanchga aylanishlari kerak.
Tadbirda davlatimizning yoshlarga oid davlat siyosatini chuqur anglagan holda ta’lim-tarbiya jarayonida o‘zining faol intilishlari, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan namuna bo‘layotgan bir guruh kursantlar IIV Akademiyasining faxriy yorlig‘i hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan sport musobaqasida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan yoshlar munosib rag‘batlantirildi. Shuningdek, fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirayotgan iqtidorli kursantlarning ona-onalariga minnatdorlik maktublari yuborildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati