Nukus shahrida “mahalla yettiligi” tizimi vakillari uchun ikki kunlik seminar-trening tashkil qilindi.
Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan qarorlari ijrosi doirasida tashkil qilingan mashg‘ulotlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha mahallalardan “mahalla yettiligi” xodimlari jalb qilindi.
IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan mahallalarda aholi bilan manzilli ishlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika obyektlarini aniqlash, ularning muammolarini bartaraf etish, ijtimoiy moslashtirish dasturlari natijadorligini oshirish, oilalarda ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, hududiy “yo‘l xarita”lar ijrosini sifatli ta’minlash kabi dolzarb yo‘nalishlarda mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Shu bilan birga, mahalla faollarining taklif va muammolari tinglanib, hududlarni har tomonlama rivojlantirish, aholining turmush sharoitini yaxshilash, jinoyatlarning barvaqt oldini olish, murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan seminar-trening “mahalla yettiligi” xodimlarining bilim va ko‘nikmalari oshirish, jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish, hududlardagi muammolarni tahlil qilish, xavfsiz muhitni shakllantirishda ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, islohotlarning amaliy natijadorligini ta’minlashgga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati