19-20-dekabr kunlari Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida profilaktika inspektorlari uchun sayyor mashg‘ulotlar tashkil qilindi.
O‘quv dasturiga binoan, IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan ichki ishlar organlaridagi keng qamrovli islohotlar va dolzarb vazifalar atroflicha yoritildi. Xususan, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida ijtimoiy profilaktikani tashkil etish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikni jilovlash, bu borada “mahalla yettiligi” a’zolari zimmasidagi ustuvor vazifalar tushuntirib o‘tildi.
Bundan tashqari, soha vakillari aholi murojaatlari bilan ishlash, huquqbuzarliklarni malakalash va ishga doir protsessual hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, xizmat jarayonida yuzaga keladigan muammoli vaziyatlarni yengib o‘tish borasida zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Seminar-trening tarzida, interfaol yondashuvlar asosida olib borilgan mashg‘ulotlar profilaktika inspektorlarining ish tajribasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etgani, shubhasiz.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati