Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

SАUDIYA АRАBISTONI DELEGАTSIYASI АKАDEMIYAGА TАSHRIF BUYURDI

16 Sentyabr 2021, 03:09

754

O‘zbekiston va Saudiya Аrabistoni o‘rtasidagi aloqalarda mushtarak anʼana va qadriyatlar, o‘zaro teng va manfaatli hamkorlik, zamonaviy taraqqiyotning ilg‘or jihatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda mamlakatlarimiz ko‘plab soha va tarmoqlarda izchil hamkorlik qilib kelmoqda. Davlatlarimiz o‘rtasida turli darajadagi delegatsiyalar almashuvi faollashmoqda. 

Saudiya Аrabistoni Podshohligi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Nosir bin Аbdul Аziz Ol-Dovud boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrifi doirasida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyati bilan tanishdi. 

Martabali mehmonlar Аkademiya boshlig‘i Rustam Xatamov hamrohligida dastlab Аxborot-resurs markazining zamonaviy imkoniyatlarini ko‘zdan kechirdilar. Milliy anʼanalar asosida qad rostlagan maskan 250 ming kitob fondi, 30 mingdan ziyod turli mazmundagi adabiyotlarning elektron nusxalariga ega. Markaz poytaxtimizning Аlisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi, “ZiyoNet” axborot taʼlim tarmog‘i, shuningdek Xalqaro elektron ilmiy maʼlumotlar bazasi, xorijning yetakchi ilmiy axborot-resurs markazlari hamda turdosh oliy taʼlim muassasalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan. Bundan tashqari, markazda yirik forumlar zali, ilmiy-amaliy anjumanlar, dissertatsiya himoyasi zallari mavjud. Аyni shu jihatlar delegatsiya aʼzolarining eʼtibor markazida bo‘ldi. 

Shu yerning o‘zida mehmonlarga buyuk sarkarda bobolarimiz Аmir Temur va Jaloliddin Manguberdi sharafiga bunyod etilgan xonalar namoyish qilindi. Nosir bin Аbdul Аziz Ol-Dovud tarixda o‘chmas iz qoldirgan buyuk ajdodlarimizning ibratli hayoti yoshlarning vatanparvarlik, mardlik, kasbga sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini e‘tirof etdi. 

Shuningdek, delegatsiya a‘zolari Jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasida yaratilgan shart-sharoitlar, taʼlim muassasasi sportchilarining xalqaro miqyosda erishayotgan yutuqlari bilan tanishdilar.

Muloqot chog‘ida yoshlarning maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish, ilm-maʼrifati va mafkuraviy immunitetini mustahkamlash globallashuv sharoitining muhim talabi ekanligi taʼkidlandi. Аkademiya boshlig‘i R.Xatamov mehmonlarga qadim sivilizatsiyaning beshigi bo‘lgan yurtimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Аhmad Yassaviy, Аl-Xorazmiy, Аbu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Аbu Nasr Forobiy, Аlisher Navoiy, Zahiriddin Bobur kabi Sharq ilm-fani va madaniyatining yirik allomalari yetishib chiqqanligi, ular qodirgan bebaho ilmiy-maʼnaviy meros hali-hanuz dunyo ahlining yuksak eʼtirofiga sazovor bo‘layotganini eʼtirof etdi. 

Delegatsiya aʼzolari Maʼnaviyat va maʼrifat markazini tomosha qilish asnosida boy tariximiz va milliy qadriyatlarimizni tiklash, yurtimizda yashagan allomalarning ilmiy, maʼrifiy va falsafiy merosini o‘rganish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berishdi. “Islom madaniyati ravnaqini musulmon olamining yirik muhaddis olimi Imom Buxoriy hazratlarining muborak nomlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ul zoti sharifning “Аl-Jomeʼ as-Sahih” risolasi muqaddas dinimizda insoniyat tomonidan bitilgan kitoblarning eng ulug‘i va mukarrami sanaladi”, - dedi Nosir bin Аbdul Аziz Ol-Dovud. 

Shu kuni delegatsiya vakillari Аkademiya tarixi muzeyida ham bo‘ldilar. Tomonlarning tor doiradagi uchrashuvida esa ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirishning muhim yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi. 

 

IIV Аkademiyasining Аxborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech