Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Rossiyalik mehmon yangilanishlarni e’tirof etdi

25 Sentyabr 2025, 10:09

37

Shu kunlarda poytaxtimiz Turkiy davlatlar tashkiloti hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Bosh prokurorlarining navbatdagi yig‘ilishiga mezbonlik qilmoqda.

Mazkur anjumanda ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan MDH davlatlari Bosh prokurorlari muvofiqlashtiruvchi kengashining ijrochi kotibi Yuriy Jdanov Ichki ishlar vazirligi akademiyasi faoliyati bilan tanishdi.

Rossiyalik mehmon mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mushtarak aloqalarning ramzi sifatida dastlab “Do‘stlik bog‘i”da bo‘ldi. Unga yangi bog‘ning barpo etilishi va millatlararo totuvlikni mustahkamlashdagi ahamiyati haqida so‘zlab berildi.

Shundan so‘ng axborot-resurs markazi, o‘quv binolari, maxsus jihozlangan avtotransport vositalari, sport majmuasi va boshqa zamonaviy inshootlarni ko‘zdan kechirdi. Ta’lim jarayonidagi ilg‘or yondashuvlar, rahbar kadrlar tayyorlashning o‘ziga xos jihatlari, kursant va tinglovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, akademiya faoliyatidagi keng qamrovli o‘zgarishlarga yuqori baho berdi.

“Ancha yillar oldin ushbu dargohga kelgan edim. Bugungi yangilanishlar akademiyaning salohiyati tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa o‘qitishning zamonaviy metodlari, nazariya va amaliyot uyg‘unligiga qaratilayotgan e’tibor, yosh avlodlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan ishlar tahsinga sazovor”, – dedi yurtimiz mehmoni.

Shundan so‘ng akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov va Yuriy Jdanov o‘zaro muloqot qildilar. Uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya munosabatlarining bugungi holati, ko‘p qirrali hamkorlik doirasida erishilayotgan natijalar, manfaatli aloqalarning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.

O‘quv dargohi boshlig‘i uchrashuvning ahamiyatini e’tirof etgan holda huquqni muhofaza qilish tizimida tajriba almashinuvini kengaytirish hozirgi sharoitda dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. O‘z navbatida, Yuriy Jdanov davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada faollashib borayotganini alohida qayd etdi.

“Tanishuv davomida akademiya rahbari bilan samimiy suhbatlashdik. O‘ylaymanki, bugungi uchrashuv kelgusidagi hamkorligimizda muhim qadam bo‘ladi”, – dedi Yuriy Jdanov.

Shu kuni tomonlar manfaatli aloqalarda bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech