Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

RAHBARLIK – KATTA MAS’ULIYAT, YETUK SALOHIYAT VA FIDOYILIKNI TALAB ETADI

10 Avgust 2022, 01:08

1357

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i magistraturani tamomlayotgan tinglovchilar bilan uchrashdi.

Sir emaski, muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan yangilanishlar jamiyat hayotining barcha jabhalarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa so‘nggi yillarda islohotlarning izchil samaradorligini oshirish maqsadida kadrlar tayyorlash tizimi tubdan takomillashtirildi. Ichki ishlar organlari tizimida ham yangicha yondashuvlar amaliyotga tatbiq qilinib, kadrlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, soha uchun zamonaviy talablarga to‘la javob beradigan boshqaruv kadrlarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yig‘ilishda ta’lim muassasasi rahbari, polkovnik Rustam Xatamov so‘z olar ekan, yangidan tashkil etilgan magistratura faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, o‘quv jarayoniga tatbiq qilingan ilg‘or yondashuvlar, hozirgi murakkab sharoitda rahbar kadrlar oldida turgan muhim vazifalarga e’tibor qaratdi.

Ta’kidlanganidek, professional rahbar kadrlarni tayyorlash davlatimizning strategik vazifalaridan biriga aylanib bormoqda. Bu esa xodimlarni nafaqat kasbiy, balki ma’naviy-siyosiy va psixologik jihatdan yuksaltirish, har bir soha uchun munosib nomzodlarni tanlash va ularni joy-joyiga qo‘yishni talab etadi. Eng muhimi, hozirgi murakkab davrda vatanparvarlik, fidoiylik, adolatparvarlik, shaxsiy mas’uliyat va sadoqat tuyg‘ularini namoyon etish tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.

– Yaqinda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida muhtaram Prezidentimiz davlat xizmatchilarini tayyorlash va malakasini oshirish masalasiga to‘xtalib, “rahbarlikka tasodifan kelib qolishning oldi olinadi”, deb alohida ta’kidladilar. Shu ma’noda, “inson – jamiyat – davlat” degan tamoyil ustuvor etib belgilangan yurtimizda ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilma sifatida shakllantirish, odamlarga xizmat qiladigan samarali boshqaruv tizimlarini yaratish, ayniqsa rahbar kadrlarning salohiyati va mas’uliyatini oshirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Akademiya magistraturasini tamomlayotgan tinglovchilar ana shu talablarga mos ravishda xizmat qilishlari lozim, – dedi R. Xatamov.

Yig‘ilishda rahbar kadrlarga qo‘yilayotgan ma’naviy mezonlar,  ichki ishlar organlariga joriy qilinayotgan boshqaruvning zamonaviy usullari, xususan, “mahallabay”, “xonadonbay”, “fuqarobay” singari yondashuvlar samaradorligini ta’minlashda soha xodimlarining kasbiy va ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish omillari batafsil yetkazib o‘tildi. Tadbir yakunida o‘quv yili davomida o‘zini ijobiy tomondan namoyon etgan, fanlarni o‘zlashtirish va jamoat tartibini saqlash tadbirlarida alohida namuna ko‘rsatgan bir guruh tinglovchilar Akademiya boshlig‘ining tashakkurnomasi hamda “Liderlar kitobi” risolasi bilan taqdirlandi.   

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech